bannerbannerbanner
Uzunpaypoq Peppi
Uzunpaypoq Peppi

Полная версия

Uzunpaypoq Peppi

текст

0

0
Язык: uz
Год издания: 2023
Добавлена:
Настройки чтения
Размер шрифта
Высота строк
Поля
На страницу:
1 из 2

Astrid Lindgren

Uzunpaypoq Peppi

1. Peppining «Tovuq» villasiga ko‘chgani

Kichkinagina shaharchaning adog‘idagi yo‘l chetida bir xaroba bog‘ga ko‘zingiz tushadi; bog‘ning ichida eski bir hovli bo‘lib, bu hovlida Uzunpaypoq Peppi istiqomat qilardi. Qizcha endigina to‘qqiz yoshga kirgan bo‘lsa-da, bu yerda yolg‘iz o‘zi hayot kechirardi. Uning onasi ham, otasi ham yo‘q edi. Albatta, bu juda yaxshi, chunki endigina miriqib o‘ynayotganida birov unga kech bo‘lganini aytib uxlashga buyurmaydi yoki karamelli shirinlik yegisi kelganida hech kim uni baliq moyi yeyishga majbur qilmaydi.

Bir zamonlar Peppi otasi bilan birga edi, u otasini juda-juda yaxshi ko‘rardi. Tabiiyki, qachondir uning onasi ham bo‘lgan-u, ammo hozir Peppi onasini hatto eslay olmaydi. Sababi Peppining onasi ancha vaqt ilgari, u hali belanchakda uzzukun g‘ingshib yotadigan jajjigina chaqaloqlik paytidayoq vafot etgandi. U onasi osmonda yashayotganiga va o‘sha yerdan turib, jimitdekkina samoviy tuynukdan mo‘ralagancha qizini kuzatib turishiga ishonardi. Shuning uchun ham Peppi tez-tez qo‘llarini yuqoriga ko‘targancha:

– Xavotir olmang, oyi, men har doim o‘zimni eplay olaman, – deb qo‘yishni odat qilgandi.

Harqalay, Peppi otasini doim eslab yuradi. Uning otasi dengizlar-u ummonlar uzra suzib yuradigan kema kapitani edi. Kunlarning birida dengizdagi to‘fon sababli otasi kemadan ag‘darilib, yo‘qolib qolmaguncha Peppi har doim dengiz sayohatlarida u bilan birga bo‘lardi. Ammo otasi bir kunmas bir kun qaytib kelishidan Peppining ko‘ngli to‘q. Qizaloq otasining cho‘kib ketganiga aslo ishonmasdi, yo‘q-yo‘q, aslida u odamxo‘rlar yashaydigan orol qirg‘og‘igacha suzib borgan bo‘lishi kerak. Uning o‘ylashicha, otasi odamxo‘rlar oroliga yetib olgach, barcha yovvoyilarning qiroli bo‘lgan, o‘sha kuniyoq sahardan to shomgacha oltin tojini kiyib, butun orolni aylanib chiqqan edi.

– Mening otam – odamxo‘rlar qiroli! Axir dunyodagi hamma bolalarning ham bunaqa ajoyib dadalari bo‘lmaydi-da, – derdi Peppi mamnuniyat bilan. – Otam o‘ziga boshqa bir qayiq yasashi bilanoq bu yerga kelib, meni olib ketadi. Men odamxo‘rlar malikasi bo‘laman. Yeh-hu! Bunday paytda hayajonlanmay bo‘larmidi?!

Otasi ko‘p yillar muqaddam bog‘dagi eski uyni sotib olgandi. Qachondir qarib-qartayib, ortiq dengizga chiqadigan holi qolmaganida Peppi bilan birga umrguzaronlik qilishni o‘ylab shunday qilgandi. Ammo kutilmaganda ko‘rgilik yuz berdi-yu, Peppining otasi kemada halokatga uchradi. Shundan so‘ng qizcha otasini kutgani to‘g‘ri «Tovuq» villasiga yo‘l oldi. «Tovuq» villasi – qizaloqni bag‘riga olishga tayyor turgan uyning nomi. Iliq yoz tonglarining birida Peppi otasining jamoasidagi dengizchilar bilan xayrlashdi. Ular barchalari Peppiga mehr qo‘ygan edilar, Peppi ham ularni yaxshi ko‘rar edi.

– Ko‘rishguncha, yigitlar, – dedi har bir dengizchining peshonasidan o‘pib chiqarkan. – Mendan umuman xavotir olib o‘tirmanglar. Uzunpaypoq Peppi har doim o‘zimni idora qila oladi.

U kemadan ikki narsani: bir paytlar otasi sovg‘a qilgan janob Nilson laqabli maymuncha va oltin chaqalar bilan to‘la katta jomadonni o‘zi bilan oldi xolos. Dengizchilar kema palubasidan turib ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha uning ortidan qarab qoldilar. Qizcha bir qo‘lida bahaybat jomadon, yelkasida janob Nilsonni ko‘tarib olgancha, ortiga qiyo ham boqmay ketib borardi.

– Ajoyib qizalog‘-a? – dedi matroslardan biri Peppi ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan.

Ha, chindan ham matros haq edi – Peppi hech shubhasiz ajoyib qizaloq! Uzunpaypoqning eng hayratlanarli xislati shuki, u juda ham kuchli edi. Hatto butun dunyoda Peppiga teng kela oladigan bironta politsiya noziri yo‘q, desam, ishonmassiz. Sababi o‘zi jajjigina bo‘lsa ham, istasa, butun boshli otni dast yerdan ko‘tara olardi. Darvoqe, uning o‘z tulpori ham bo‘lib, bu jonivorni «Tovuq» villasiga ko‘chib o‘tgan kuniyoq bisotidagi oltin tangalardan biri evaziga sotib olgan edi. Aslida, Peppi o‘z oti bo‘lishini ne-ne zamonlardan buyon orzu qilib yurar va mana, ayni damda uning faqat o‘zigagina tegishli ot ayvonda bog‘log‘liq turibdi. Bordi-yu, Peppi tushdan keyin ayvon ostida o‘tirib, bir finjon qahva ichgisi kelib qolsa, uzoq o‘ylab o‘tirmasdan otini ayvon ostidan bog‘ga qo‘yib yuborishi mumkin.

«Tovuq» villasining yonida boshqa bir hovli ham bo‘lib, uning ham atrofini bog‘ o‘rab olgan edi. Qo‘shni hovlida er, xotin va ularning bir o‘g‘il, bir qiz – jami ikki nafar farzandi yashardi. Bolaning ismi – Tommi, qizaloqniki esa – Annika. Ular ikkalovi ham bir-biridan aqlli, yaxshi tarbiya ko‘rgan, odobli bolalar. Tommi zinhor tirnoqlarini chaynash haqida o‘ylamas, onasi aytgan yumushlarning barchasini so‘zsiz bajaradigan bola. Annika esa o‘zi istagan narsani ololmasa ham injiqlik qilmaydigan, obdan dazmollangan jajji chit ko‘ylagida juda yoqimtoy bo‘lib ko‘rinadigan, kir va irkit bo‘lmaslikka jon-jahdi bilan tirishadigan alomat qizaloq. Tommi va Annika o‘zlarining bog‘ida har doim ahil-inoq bo‘lib o‘ynashar, ammo bironta sherik topilishini mudom orzu qilishardi. Peppi hali otasining yonida ummonlar uzra suzib yurgan kezlardayoq, Tommi va Annika har doim panjaraga osilib olgancha:

– Narigi uyga hech kim ko‘chib kelmasligi g‘alati emasmi? Axir bu yerda ham kimdir yashashi kerak, bolasi bor kimdir bo‘lsa, yanayam yaxshi, – deyishardi bir-biriga qarab.


Peppi «Tovuq» villasi ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan kunda Tommi va Annika uyda emasdi. O‘sha kunlarda ular bir haftaga buvisinikiga borgan, shuning uchun ham hozirda qo‘shni uyda kimdir yashayotganidan bexabar qolishgandi. Uyga qaytganlarining birinchi kunida darvoza yonida ko‘chani kuzatgancha turishsa-da, shundoqqina bir devor narida ular bilan o‘ynaydigan sherik ko‘chib kelgani xayollariga ham kelmasdi. Ikkovlon nima qilishlari haqida o‘ylab, biror bir qiziqarli voqea sodir bo‘larmikin yoki bugun ham doimgiday zerikarli kun sifatida o‘tarmikin, deb xavotirlanib turishgan paytda «Tovuq» villasi darvozasi ochildi-yu, kichkina qizaloq tashqariga qadam qo‘ydi. Bu Tommi va Annika hozirgacha ko‘rgan eng alomat qiz edi. Albatta, topdingiz – bu qiz ertalabki sayr uchun ko‘chaga otlangan Uzunpaypoq Peppi edi. Keling, endi sizga uning ko‘rinishini tasvirlab beray.

Uning olovday qip-qizil sochlari ikkita mahkam o‘rim qilib turmaklangan, ikki tomonga qarab dikkayib turar edi. Kichikroq kartoshkani eslatadigan burni butunlay sepkil bilan qoplangan. Shuni alohida ta’kidlash shartki, juda ham keng og‘zi ichidan oppoq va mustahkam tishlari yaraqlab turardi. Ko‘ylagi esa hammasidan ham ajoyib edi, chunki uni Peppining o‘zi tikkandi-da. Aslida, ko‘ylak moviy bo‘lishi ko‘zlangan-u, yetarlicha moviy mato topilmaganidan keyin to‘g‘ri kelgan yeridan qizil rangdagi yamoqlar tikib tashlangan edi. Uzun va cho‘pday ozg‘in oyoqlariga bir juft uzun paypoq kiygan, paypoqlarining bir poyi malla, bir poyi qora edi. Shuningdek, oyog‘idan naqd ikki karra uzun qora tufli kiyib olgandi. Bu boshmoqni otasi ichida biron nima parvarishlasin, deb Janubiy Afrikadan sotib olgan, ammo Peppi boshqa oyoq kiyimni kiyishni umuman xohlamasdi.

Bular-ku mayli, lekin Tommi va Annikaning ko‘zini katta-katta ochishga majburlagan narsa notanish qizning yelkasidagi maymun bo‘ldi. Maymuncha ko‘k ishton, sariq kamzul va oq poxol shlyapa kiygan edi.

Peppi bir oyog‘ini yo‘lak chetiga, birini ariqqa qo‘ygancha ko‘chani sayr qila boshladi. Tommi va Annika qorasi ko‘rinmay ketguncha uni kuzatib turishdi. Oradan hech qancha o‘tmay Peppi iziga qaytdi, biroq endi u uyga qaytayotganda ortga qayrilishni xohlamaganidan orqaga qarab qadam tashlayotgandi. Tommi va Annikalarning darvozasiga yetganida to‘xtadi.

Bolalar bir-birga jimgina qarab qolishdi. Nihoyat, Tommi gap boshladi:

– Nega qisqichbaqaga o‘xshab yuribsan?

– Nega qisqichbaqaga o‘xshab yurarkanman?! – savolni takrorladi Peppi. – Nima, biz mustaqil va erkin mamlakatda yashamayapmizmi? Odam o‘zi xohlagan tomonga o‘zi xohlagan taxlitda yurishi ham mumkinmasmi? Umuman olganda, birodarlar, ijozatingiz bilan shuni aytib o‘tsam, bilsangiz, Misrda hamma xuddi shunday yuradi va hech kim buni g‘alati qabul qilmaydi ham.

– Sen buni qayerdan bilasan? – so‘radi Tommi. – Axir umringda Misrga bormagansan-ku yoki borganmisan?

– Umrimda Misrga bormaganman?! Aksincha, borganman. Hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q. Yer yuzidagi barcha mamlakatlarda bo‘lganman, qisqichbaqadek yuradigan odamdan chandon g‘alati narsalarni ham ko‘rganman. Bilmadim, agar Hindistondagi kabi oyog‘imni osmondan qilib, qo‘limda yurib kelsam, nima qilar ekansiz, hayronman.

– Ol-a, endi bu yog‘i oshib ketdi, aldayotganing bilinib turibdi-ku!

– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi Peppi o‘sha zahotiyoq. – Men aldayapman.

– Yolg‘on gapirish axloqsizlikka kiradi, – dedi o‘zida endigina gapirishga jasorat topgan Annika.

– Haqsan, yolg‘on gapirish judayam yomon ish, – ma’qulladi Peppi, – ammo men nima bo‘lgani-yu, nima bo‘lmaganini tezda unutib yuboraman. Aslida, siz qaysi aql bilan otasi odamxo‘r qabilaning qiroli, onasi esa osmondagi farishtaga aylangan, o‘zi butun hayoti davomida dengizlar uzra sayohat qilib yurgan qizaloqdan faqat va faqat rost gapirishni talab qilishingiz mumkin? Sizga aytsam, do‘stlar, – davom etdi u sepkil bosgan yuzlari yorishib, – Kongoda birortayam rost gapiradigan odamni topolmaysiz, o‘lay agar. Ular o‘ziyam uzzukun yolg‘on gapirishadi. Tong soat yettidan boshlab to quyosh botgunicha hamma bir-birini aldayveradi, aldayveradi… Shunday ekan, qachondir yolg‘on gapirib qo‘ysam, kechirishga harakat qiling, axir, men ham biroz muddat Kongoda yashab, ularning odatlariga o‘rganib qolganman-da. Xo‘p, mayli, asosiysi, bu bizning do‘stlashuvimizga to‘sqinlik qilmaydi, to‘g‘rimi?

– Bo‘lmasam-chi! – dedi Tommi, bugun ular uchun zerikarli kun bo‘lmasligini bilganidan quvonib.

– Unday bo‘lsa, menikiga kirib nonushta qilmaymizmi? – so‘radi Peppi.

– Zap ish bo‘lardi! – dedi Tommi.

– Ketdik unda! – deb ularga qo‘shildi Annika.

– Lekin birinchi bo‘lib sizlarni janob Nilsonga tanishtirishim lozim, – dedi Peppi. Maymuncha esa qizning boshidan shlyapasini olib, qarshisidagi bolalarga oliyjanoblik bilan ta’zim qildi.

Shundan so‘ng bolalar tevaragi po‘panak bosgan, qurib ketgan, lekin tirmashib chiqishga judayam mosday ko‘ringan daraxtlar bilan o‘ralgan shag‘al yo‘lak bo‘ylab nurab yotgan bog‘ darvozasi tomon yurishdi. Darvozadan ichkari, ayvon ostida sho‘rva suziladigan idishda suli kavshagancha bir ot turardi.

– Nega otingni ayvon ostida saqlaysan? – so‘radi Tommi. U bilgan barcha otlar og‘ilxonada saqlanardi.

– Xo‘sh, – dedi Peppi o‘ylanib qolgancha, – rostini aytsam, oshxonada saqlay desam, nuqul oyoq ostida o‘ralashaverdi, mehmonxona esa jihozlarga to‘laligi uchun unga juda noqulaylik tug‘dirdi.

Tommi va Annika otning badanidan sekingina silab, uy ichiga yo‘l olishdi. Peppining uyida oshxona, mehmonxona va yotoqxonasi bor edi. Lekin uyning tartibsizligiga qarab Peppi bu hafta shanba kungi tozalash ishlarini unutib qoldirgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan kishi. Tommi va Annika Odamxo‘rlar orolining qiroli biror burchakda o‘tirgan bo‘lsa-chi, degan xavotir ichida atrofga diqqat bilan nazar solishdi. Ular umrlari bino bo‘lib odamxo‘rlar qirolini uchratishmagandi, biroq Peppining uyida na onasi, na otasi – hech kim ko‘zga tashlanmadi. Annika xavotir aralash so‘radi:

– Peppi, sen bu uyda yolg‘iz o‘zing yashaysanmi?

– Nega ekan, biz uchtamiz: janob Nilson, men va otimiz.

– Bundan chiqdi, otang ham, onang ham yo‘qmi?

– Yo‘q, – dedi Peppi mamnunlik bilan.

– Kim senga vaqtida uxlash, vaqtida ovqat yeyish va shu kabi narsalarni eslatib turadi? – so‘radi Annika.

– O‘zimga o‘zim aytaman, – javob berdi Peppi. – Avval boshda o‘zimga muloyimlik bilan tushuntiraman, foyda bermasa, qattiqroq gapiraman, shundayam gapga kirmasam, o‘z-o‘zimni o‘xshatib shapatilayman, endi bildingizmi?

Tommi va Annika unchalik ham tushunishmadi-yu, lekin shunisi eng ma’qul yo‘l bo‘lsa kerak, deb o‘ylashdi. Oshxonaga kirishlari bilan Peppi qichqirib qo‘shiq ayta boshladi:

Biz hozir quymoq pishiramiz,Quymoq pishiramiz hozir biz,Pishiramiz hozir biz quymoqni…

Peppi uch dona tuxumni olib, havoga uloqtirdi. Tuxumlardan biri to‘g‘ri kelib boshiga tushib sindi-yu, tuxumning sarig‘i Peppining yuz-ko‘zini qopladi. Qolgan ikkita tuxumni mohirlik bilan kosa ichiga tutib oldi. Afsuski, ular ham kosaga tushiboq chil-chil sinib, qorishib ketdi.

– Tuxumning sarig‘i soch uchun foydali deb eshitganman, – dedi Peppi ko‘zini ishqalagancha. – Qarab turing, birozdan so‘ng sochlarim charschurs qilib o‘sib chiqa boshlaydi. Axborotingiz uchun, Braziliyada barcha insonlar boshiga tuxum sarig‘ini surkab yuradi. Birortayam kalbosh odamni uchratmaysiz u yerda. Darvoqe, faqatgina bir kishi bo‘lardi, u shunchalik ahmoq va badnafsligidan tuxumlarni boshiga surtish o‘rniga paqqos tushirar edi. Mana shu qilig‘i tufayli boshi taqir bo‘lib qoldi, ko‘chada yarqiragan boshini ko‘rsatib yurganida shunchalik g‘alayon ko‘tarildiki, axiyri, politsiya chaqirishga to‘g‘ri kelgandi.

Peppi shularni so‘zlay turib, kosa ichidan tuxum po‘stlog‘i parchalarini barmoqchalari bilan bitta qoldirmay terib oldi. Devorda osig‘liq turgan hammom cho‘tkasini olib, quymoqqa solinadigan mahsulotlarni shunchalar kuch bilan aralashtira boshladiki, butun xona devorlariga suyuq xamir sachradi. Nihoyat, qolgan xamirni gazda turgan tovaga soldi.

Bir tomoni qizarishni boshlaganda quymoqni tepaga uloqtirdi, quymoq shiftga yetmay, havoda bir aylandi-yu, tag‘in Peppi uni tovaga ilib oldi. Quymoqlar tayyor bo‘lishi bilan Peppi ularni oshxonaning bir burchagidan to‘g‘ri stol ustida turgan likopchaga uloqtiraverdi.

– Tezda yeb olinglar, sovib qolmasin, – deb qichqirdi Peppi. Tommi va Annika quymoqlarni maza qilib yeb olishdi, dunyoda bundan-da ajoyib quymoq yo‘q edi ular uchun.

Ko‘p o‘tmay Peppi ularni mehmonxonaga boshlab bordi. Bu yerda birgina jihoz – bir talay tortmalari bor ulkan kiyim javoni turardi. Peppi tortmalarni birma-bir ochib, Tommi va Annikaga o‘zi saqlayotgan xazinalarni ko‘rsatdi. Bularning ichida alomat qushlarning tuxumlari, noma’lum po‘stloqlar-u toshlar, chiroyli bezatilgan jajji qutichalar, kumush oynachalar, marjon taqinchoqlar va yana bir talay narsalar bo‘lib, ularni Peppi va otasi dunyo bo‘ylab sayohatlari chog‘ida sotib olishgan edi. Peppi yangi do‘stlarining har biriga uni eslab yurishlari uchun kichkina hadyalar berdi. Tommi yaltiragan sadaf sopli xanjarga, Annika esa pushti chig‘anoqlar bilan bezatilgan qutichaga ega bo‘ldi. Quticha ichida zabarjad ko‘zli uzuk bor edi.

– Sovg‘alarni olgan bo‘lsangiz, endi uyingizga borishingiz mumkin, – dedi Peppi. – Ertaga yana kelsangiz bo‘ladi. Chunki agar bugun uyga vaqtli qaytmasangiz, ertaga kelolmay uyatga qolasiz.

Tommi va Annika uning fikrini ma’qullab, uyga qaytadigan bo‘lishdi. Qaytayotib allaqachon oldidagi sulini paqqos tushirgan otning badaniga tag‘in ohista shapatilab o‘tdilar. Janob Nilson ularning ortidan shlyapasini silkitib qoldi.

2. Peppining mushtlashuvga aralashgani

Ertasi kuni Annika uyqudan erta uyg‘ondi. Yotoqdan sakrab turib, Tommi tomonga yugurdi.

– Uyg‘on, Tommi, – deb baqirdi u Tommini qo‘li bilan turtgancha: – Uyg‘ona qol, ulkan boshmoq kiyadigan ajoyib qizni ko‘rgani tezroq boraylik.

Bu gapdan Tommi darhol ko‘zlarini ochdi.

– Hatto uxlayotganimda ham bilgandim bugun qandaydir hayratlanarli sarguzashtlar yuz berishini. Lekin tushimni aniq-tiniq eslab qololmadimda… – dedi Tommi pijamasini yechib uloqtirarkan.

Ikkalovi ham yuvinish xonasiga yugurib, avval yuz-qo‘llarini, so‘ng esa tishlarini doimgidan ancha tez yuvib, ko‘z yumib ochguncha kiyimlarini kiyishdi. Tommi va Annika ularning onasi kutganidan roppa-rossa bir soat ilgari zinadan uchib tushib, nonushta stoliga o‘tirishdi. O‘tirayotib onalaridan issiq shokoladlarini hoziroq keltirishini so‘rashdi.

– Nima sababdan buncha jonsarak bo‘lyapsiz? – so‘radi ulardan onasi.

– Qo‘shni uyga yangi ko‘chib kelgan qizni ko‘rgani bormoqchimiz, – dedi Tommi.

– Kun bo‘yi o‘sha yerda bo‘lsak ham ajabmas, – gapga qo‘shildi Annika.

Peppi ayni o‘sha kuni ertalabdan «pepparkakor» deb ataladigan zanjabilli shvedcha shirinlik pishirish bilan ovora edi. U katta xamir zuvala olib, zuvalani oshxona poliga yoygan edi.

– Menga qiziq-da, janob Nilson, – dedi u maymunchaga, – biron kishi, masalan, qariyb besh yuzta shirinlik pishirmoqchi bo‘lsa, kichkina patnisning qanday foydasi tegishi mumkin? Shunday ekan, xamirni polda yoygan yaxshi emasmi?

Peppi tizzalab olgancha xamirni yurakcha shaklida kesib olayotgan edi.

– Janob Nilson, xamir ustiga chiqishni bas qiling, – deb baqirdi u maymunga va shu mahalda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.

Peppi chopqillab borib eshikni ochdi. U xuddi tegirmonchiday sochidan tirnog‘igacha oppoq unga belangan edi, Tommi va Annika bilan qo‘l silkib ko‘rishganida bir dunyo un bolalarning ham ust-boshini qopladi.

– Kelib yaxshi qildingiz, – dedi Peppi fartugini silkitib. Fartugidan ham bir dunyo chang ko‘tarildi. Tommi va Annikaning tomog‘i unga to‘lganidan ketini uzmay yo‘tala ketdilar.

– Nima bilan bandsan? – so‘radi Tommi.

– Xo‘sh, mo‘rini tozalayapman, deb aytsam, baribir menga ishonmaysan. Sen ziyrak bolasan, Tommi. Rosti, shirinlik pishiryapman. Lekin tez fursatda tayyor bo‘ladi, ungacha bir zum anavi yog‘och quti ustida o‘tirib tursangiz ham mayli.

Peppi judayam tez ishlardi. Tommi va Annika yog‘och quticha ustida o‘tirgancha Peppining qanday chaqqonlik bilan xamir yoyishi, qanday epchillik bilan shirinliklarni patnisga uloqtirishi va patnisni gaz pechida mohirona o‘ynatishini kuzatishdi. Bunday tomoshadan ular o‘zlarini sirkdamiz deb o‘ylashlariga bir baxya qoldi.

– Tayyor! – dedi Peppi va eng so‘nggi patnisni olib, pech og‘zini qarsillatib yopdi.

– Xo‘sh, endi nima qilamiz? – so‘radi Tommi.

– Sizlar nima qilishingizni bilmayman, – dedi Peppi. – Ammo shuni bilamanki, menda yotib olishga vaqt yo‘q. Men iskovuchman axir. Iskovuchlarning bir daqiqa ham bo‘sh vaqti bo‘lmaydi.

– Men kimman deding? – so‘radi Annika.

– Iskovuchman!

– U nima degani? – deb so‘radi Tommi ham.

– Iskovuch bu – turli xil narsalarni izlab topuvchi odam. Boshqa nimayam bo‘lardi? – dedi Peppi qolgan urvoqni uyum qilib yig‘ib qo‘yarkan. – Bilsangiz, butun dunyo tashlandiq narsalarga to‘lib yotibdi, ularni kimdir topib olishi kerak-ku. Bu esa, albatta, sharafli iskovuchlarning yelkasiga yuklangan! – xitob bilan gapini tamomladi Peppi.

– Masalan, ular qanday narsalar? – tag‘in so‘radi Annika.

– Har qanday narsa-da, oltin bo‘laklari, tuyaqush patlari, sasigan kalamushlar, rango-rang obakidandonlar, kichkina burama mixlar va yana bir dunyo lash-lushlar.

Peppining gaplarini eshitgan Tommi va Annika buning maroqli ish ekan deb o‘ylab, iskovuch bo‘lishga jon-jahdlari bilan rozi ekanliklarini bildirishdi. Lekin Tommi burama mixlar-u tuyaqush patlarini emas, oltin bo‘laklari topib olishni xohlayotganini yashirmadi.

– Peshonada borini ko‘ramiz, Tommi, – dedi Peppi. – Hech qaysi iskovuch hali o‘ljasiz qaytmagan. Lekin shoshilishga majburmiz, tag‘in biz yo‘lga tushmay turib boshqa iskovuchlar yaqin atrofdagi barcha oltin qoldiqlarini terib ketishmasin.

Mana, uch iskovuch ne-ne umidlar bilan yo‘lga chiqishdi. Ular iskovuchlikni qo‘shnilarning uylari atrofidan boshlashni reja qilishdi, sababi Peppi aytganidek, zo‘r berib qidirsangiz, daraxtlar kovagidan burama mixmi, suyakmi topish mumkin, lekin eng yaxshi narsalar har doim uylar atrofidan topilgan.

– Lekin bilasizmi, ba’zan buning teskarisi ham bo‘lib turadi, – dedi Peppi. – Haliyam esimda, bir gal Borneo orolida iskovuchlik qilib yurganimda shundoqqina o‘rmonning qoq o‘rtasida ajoyib narsaga duch keldim. Nima topib olganimni tasavvur qila olasizmi? Yo‘q, albatta. Alomat bir yog‘och oyoq topib olganim qayerdan ham xayolingizga kelardi. Keyinroq men bu yog‘och oyoqni bir oyog‘i cho‘loq cholga sovg‘a qilgandim. Bechora chol o‘shanda bunday ajoyib yog‘och oyoqni pul evaziga ham, jon evaziga ham hech qayerdan topib bo‘lmasligini aytib, qayta-qayta tashakkur izhor qildi.

Tommi va Annika iskovuch qanday harakat qilishi kerakligini o‘rganish uchun bir zum Peppini kuzatib o‘tirishdi. Peppi yo‘lning u chetidan bu chetiga xuddi bo‘zchining mokisiday yugurar, qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha nimalarnidir izlayverardi. Bir qarasa to‘rt oyoqlab emaklar, bir qarasa qo‘llarini panjaralar orasiga tiqib, hafsalasi pir bo‘lgan ohangda: «Hozirgina mana shu yerda oltin parchasini ko‘rganimga aminman», derdi.

– Nima topilishidan qat’i nazar hammasini olaversak bo‘ladimi? – so‘radi Annika.

– Ha, yerda yotgan nimaiki bo‘lsa, barchasini olishga haqlimiz.

Ayni shu payt uchovlon uyining tashqarisidagi maysazorda yotgan qariyaga duch kelishdi.

– Mana, – dedi Peppi, – bu odam ham yerda yotibdi, biz esa uni topib oldik. Uni olib ketamiz!

Buni eshitgach, Tommi va Annikaning rangi bo‘zday oqarib ketdi.

– Yo‘q-yo‘q, Peppi. Keksa janobni olib ketolmaymiz, buning iloji yo‘q, – dedi Tommi. – Axir uni olib ketib nima ham qilardik?

– Nima ham qilardik, deysanmi? Eh, azizim, u bizga judayam ko‘p narsada qo‘l kelishini bilmaysan-da! Masalan, biz uni quyon o‘rnida kichkina qafaschaga qamab, momaqaymoq berib boqishimiz mumkin. Tag‘in o‘zingiz bilasiz, siz xohlamasangiz, menga umuman farqi yo‘q. Lekin baribir boshqa iskovuch kelib, shunday o‘ljani ilib ketishi haqida o‘ylash menga hech tinchlik bermaydi-da.

Ular yana yo‘lda davom etishdi. Yo‘lda ketayotib qo‘qqisdan Peppi baqirib yubordi.

– Umrimda bunaqasini ko‘rmagan edim, – dedi u zanglab ketgan konserva qutisini o‘t-o‘lanlar orasidan olarkan. – Naqadar betakror topilma-ya! Naqadar bebaho topilma! Bunday narsalar har doim taqchil bo‘lgan.

– Buning nimasi bebaho? – shubha bilan qarashdi aka-singil.

– Eh, sizga aytsam, buning foydalarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi, – dedi Peppi. – Avvalo, bundan shirinliklarni solib qo‘yish uchun foydalanish mumkin. Shunda u shirinlik to‘la antiqa bankaga aylanadi. Yana bir yo‘li, unga shirinliklarni qo‘ymasa ham bo‘ladi. Shunda u shirinliklarsiz antiqa bankaga aylanadi. To‘g‘ri, buni juda antiqa deb ham bo‘lmaydi-yu, harqalay, yomon emas.

Peppi zanglagan konserva qutini ko‘zdan kechira turib, quti tubida teshigi borligini aniqladi.

– Aftidan, bu ilgari shirinliksiz banka bo‘lganga o‘xshayapti, – dedi Peppi. – Lekin uni boshingizga kiyib, o‘zingizni xuddi yarim kechasi uyg‘oq o‘tirganday his qilishga juda qo‘l keladi.

Peppi aytganiday konserva idishini boshiga kiyib oldi. Peppi boshiga zanglagan konserva idishni kiyib olgancha to simli panjaraga qoqilib, yuztuban yiqilmaguncha uylar oralab xuddi pastakkina temir minoraga o‘xshab u yerdan bu yerga aylanib yuraverdi. Boshidagi tunuka yerga urilganida quloqni qomatga keltiradigan taraqlash eshitildi.

– Ana, ko‘rdingizmi buning foydasini? Agar mana shu idishni boshimga kiyib olmaganimda qornim bilan emas, yuzim bilan yiqilib anchagina ayanchli jarohat olgan bo‘lardim.

– To‘g‘ri, – dedi Annika, – lekin shunisi ham borki, agar mana shu matohni boshingga kiyib olmaganingda simto‘siqqa qoqilib yiqilmagan bo‘larding.

Annika gapini tamomlamay turib tag‘in Peppining tanish qichqirig‘i eshitildi. Bu gal uning qo‘lida kalava ipdan bo‘shagan g‘altak naychasi turardi.

– Voh, bugun o‘ziyam kaminaning omadi chopadigan kun shekilli, – dedi u. – Qarang-a, naqadar kamyob naycha bu. Buning yordamida sovunli suvda ko‘pikchalar puflasa ham bo‘ladi yoki bo‘yningizga mo‘jazgina taqinchoq sifatida ilib yursangiz, biram yarashadi-yey. Uyga borganim zahoti bundan jajji taqinchoq yasayman.

Ayni shu payt yaqin atrofdagi hovlilardan birining darvozasi lang ochilib, u yerdan bir bola yugurib chiqdi. Uning qizarib-bo‘zargan aftini ko‘rib hayratlanmasa ham bo‘lardi, chunki shu lahzaning o‘zidayoq uning ortidan beshta bola izma-iz quvib kelishdi. Ular bolani chaqqonlik bilan tutib olishdi-da, panjaraga tirkagancha beshovlon baravariga do‘pposlay ketishdi. Bechora bola yig‘lar va o‘zini himoya qilish uchun yuzini qo‘li bilan to‘sishga urinardi.

– Ta’zirini bering uni! Yaxshilab tushiring, toki bu tirrancha bizning ko‘chamizda boshqa qorasini ko‘rsatmaydigan bo‘lsin! – deb baqirardi bolalarning ichida eng yoshi katta va eng kuchlisi.

– Oh, yo‘q, ular bechora Villini ayamay kaltaklashyapti, – dedi Annika. – Odam degani ham shunchalik shafqatsiz bo‘ladimi?

– Haligi barzangining ismi – yaramas Bengt. U qachon qarama janjallashib yuradi, – dedi Tommi. – Lekin bir kishiga qarshi besh kishi – bu o‘taketgan nomardlik!

Peppi haligi bolalar tomonga borib, yaramas Bengtning orqasiga ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqib qo‘ydi.

На страницу:
1 из 2